AT “Aloqabank”da korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi profilaktik chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, xodimlarning huquqiy ongi va kasbiy kompetensiyalarini yuksaltirish, shuningdek, komplayens madaniyatini rivojlantirish maqsadida tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan bankning Boshqaruv a’zolari, departamenti hamda boshqarma rahbarlari va xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” portali orqali tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslarida ishtirok etib, o‘z bilim va malakalarini yanada oshirdilar.
O‘quv dasturlari davomida ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat odobi va halollik tamoyillariga rioya etish, komplayens nazorati tizimini samarali tashkil etish hamda korrupsiyaga qarshi profilaktik mexanizmlarni amaliyotda qo‘llashga oid dolzarb mavzular bo‘yicha bilimlarini mustahkamladilar.
Mazkur o‘quv kurslari xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda bank faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va halollik tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
AT “Aloqabank”da inson kapitali rivoji va xodimlarning kasbiy malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni muntazam ravishda yangilab borish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Bank kelgusida ham korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xodimlarning malakasini muntazam oshirish, komplayens nazorati tizimini yanada takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini kuchaytirish hamda halollik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan tashkiliy va amaliy chora-tadbirlarni izchil davom ettiradi.