AloqaBankda Yoshlar festivali

Joriy yilning 11-iyul kuni AloqaBank tizimida faoliyat yuritayotgan, respublikamizning hududiy filiallaridan kelgan 250 nafarga yaqin tashabbuskor yosh xodimlar ishtirokida “AloqaYoshlarFest” festivali o‘tkazildi.

Tadbir dasturiga muvofiq, ishtirokchilar dastlab Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurib, mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan so’ng bank Bosh ofisi binosida festivalning asosiy qismi bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida Bank Boshqaruvi Raisi Kommuna Irisbekovaning yosh mutaxassislarga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.

Shuningdek, taniqli biznes-trener Husan Mamasaidov tomonidan mahorat darsi tashkil etildi hamda bank tizimida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan yosh rahbarlarning motivatsion ruhdagi ma’ruzalari tinglandi.