
YOSHLAR KUNI — ZOMIN TOG‘LARIDA UNUTILMAS DAMLAR
Yoshlar kuni munosabati bilan 27–28-iyun kunlari AT “Aloqabank” rahbariyati, bank kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash kengashi tashabbusi bilan bank yoshlari uchun Zomin tog‘lariga ikki kunlik safar tashkil etildi.
Tadbirda bankning turli yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi 50 nafardan ortiq yosh xodim ishtirok etdi. Safarning asosiy maqsadi yoshlarga mazmunli hordiq chiqarish imkonini yaratish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash, liderlik salohiyatini rivojlantirish hamda korporativ madaniyatni yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.
Dastur davomida ishtirokchilar Zominning go‘zal tabiati qo‘ynida jamoaviy kvestlar, sport musobaqalari, liderlik mashg‘ulotlari va hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan turli faoliyatlarda qatnashdilar.
Ayol va erkak xodimlarning teng imkoniyatlar asosida ishtirok etgani jamoada o‘zaro hurmat, teng sheriklik va inklyuziv muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Ushbu tadbir AT “Aloqabank”ning yosh kadrlarga bo‘lgan e’tibori, ularning mehnatini qadrlashi hamda sog‘lom, hamjihat va teng imkoniyatlarga asoslangan jamoaviy muhitni rivojlantirishga sodiqligining yorqin ifodasi bo‘ldi.