DSC06335.jpgDSC06361.jpg

“AloqaBank”da tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, takliflar va amaliy yechimlar

Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mijozlar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash hamda bank xizmatlari sifatini yanada takomillashtirish – AT “AloqaBank” faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Mazkur yoʻnalishdagi tizimli ishlarning mantiqiy davomi sifatida AT “AloqaBank” Boshqaruvi Raisining oʻrinbosari Nasretdinova Nasiba Irkinovna boshchiligida tadbirkorlar va bank mijozlari bilan navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuv davomida “AloqaBank” tomonidan tadbirkorlar uchun ishlab chiqilgan imtiyozli kredit mahsulotlari, qulay moliyalashtirish mexanizmlari hamda biznesni rivojlantirishga xizmat qiluvchi zamonaviy bank yechimlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyunda qabul qilingan “Tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-210-son qarorining ijrosi doirasida bank tomonidan “Yoshlar bandligi uchun” imtiyozli kredit mahsuloti joriy etilgani haqida maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, mazkur mahsulot yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari tashkil etayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilib, ularning biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 100 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar ajratishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, kichik va oʻrta biznes subyektlari hamda korporativ mijozlar uchun milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan xorijiy valyutada ajratiladigan kredit mahsulotlari hamda kreditlash shartlari yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.

Kredit mahsulotlariga qoʻshimcha ravishda faktoring xizmatlarining afzalliklari boʻyicha ham tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini raqamli yechimlar orqali yanada qulay tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan “Aloqabiznes” mobil ilovasining funksional imkoniyatlari yuzasidan batafsil maʼlumot berildi. Xususan, ilova orqali onlayn bank xizmatlaridan foydalanish, toʻlovlarni 24/7 rejimida amalga oshirish hamda kundalik moliyaviy operatsiyalarni masofadan turib boshqarish imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi.

Ochiq muloqot davomida mijozlarning taklif va mulohazalari tinglanib, ular yuzasidan tezkor choralar koʻrish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.

AT "AloqaBank" mijozlar bilan ochiq va konstruktiv muloqotni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratgan holda, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy bank xizmatlarini kengaytirish hamda mijozlarning taklif va mulohazalari asosida xizmatlar sifatini yanada takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlarni davom ettiradi.