AloqaBank rahbariyati tomonidan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi IT Parkda va Koson tumanida joylashgan biznes inkubatorida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-312 sonli qarorini keng tushuntirish, kichik tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar ajratish hamda PF-109 sonli Farmoni doirasida faktoring xizmatlarini ko’rsatish misolida kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlar doirasida "Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash" kompleks dasturining takomillashtirish chora-tadbirlari keng muhokama qilindi. Mazkur dastur tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishda ko‘char aktivlarga asoslangan yangi moliyaviy vositalar orqali kichik va o‘rta biznes subyektlarining uzluksiz ishlashiga xizmat qilishni ko‘zda tutadi. Ushbu jarayon Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Xususiy huquqni unifikatsiya qilish xalqaro instituti (UNIDROIT) tomonidan ishlab chiqilgan Faktoring bo‘yicha namunaviy qonun asosida amalga oshirilmoqda. U O‘zbekistonda faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirishga qaratilgan. Tashkil etilgan muloqotda tadbirkorlar yangi qarorlar va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot va o‘zlarining bizneslarini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar oldilar. Bu kabi uchrashuvlar tadbirkorlarning davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam va imtiyozlardan samarali foydalanishlariga, bizneslarini yanada muvaffaqiyatli olib borishlariga zamin yaratmoqda. AloqaBank ushbu tashabbus orqali mamlakatimizda tadbirkorlikning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda doim tayyor.