Qarshi shahridagi “Gungon” MFY hududida joylashgan Iqtisodiyot va pedagogika universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
O‘rganish davomida universitet hozirda to‘liq quvvatda faoliyat boshlamagani hamda uning rasmiy ochilish marosimi hali o‘tkazilmagani ma’lum qilindi.
Muloqot davomida universitetni qisqa muddatlarda to‘liq ishga tushirish, mavjud va tashkil etilishi rejalashtirilayotgan ish o‘rinlarini aniqlash hamda ularga hududdagi ishsiz va ehtiyojmand fuqarolarni jalb etish masalalari muhokama qilindi. Bu orqali aholi bandligini ta’minlash va oilalarning barqaror daromad manbalarini oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, universitetning maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish imkoniyatlarini kengaytirish, talabalarga sifatli ta’lim berish, mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda hududning kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Universitetni to‘liq quvvatda ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.