Peshku tumanida ehtiyojmand oilalarning holati va yangi tadbirkorlik loyihalari joyida o‘rganildi
Hududlarda aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida AloqaBank Boshqaruvi raisi o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyati Peshku tumani mahallalarida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Dastlab ishchi guruh a’zolari hududdagi ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar xonadonlariga tashrif buyurib, ularning yashash sharoitlari, daromad manbalari va mavjud muammolari bilan yaqindan tanishdi. Har bir oila kesimida uni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Shuningdek, aholi bandligini ta’minlashga yo‘naltirilgan yangi tadbirkorlik loyihalari bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida tuman mahallalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 3 ta loyihani AloqaBank tomonidan moliyalashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Loyihalar yo‘nalishlar kesimida quyidagicha:
- Sanoat yo‘nalishi — 2 ta loyiha, umumiy qiymati 12,2 mlrd so‘m, 45 ta yangi ish o‘rni yaratiladi;
- Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi — 1 ta loyiha, umumiy qiymati 1,5 mlrd so‘m, 4 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Jami 13,7 mlrd so‘mlik ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida hududda 49 ta yangi doimiy ish o‘rni tashkil etiladi. Muhim jihati shundaki, yaratiladigan ish o‘rinlariga aynan o‘rganilgan ehtiyojmand oilalardagi ishsiz fuqarolarni ustuvor tartibda jalb etish belgilab olindi.
Mazkur tashabbus ehtiyojmand aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlash, tumanda bandlik darajasini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi davlat siyosatini amalda ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. AloqaBank hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini izchil davom ettiradi.
