Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig'ilishida AloqaBank jamoasi investitsion kompaniyalar bilan samarali uchrashuvlar o'tkazmoqda. 25-26-sentabr kunlari Samarqandda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (ОIIB) Boshqaruvchilar kengashining to'qqizinchi yillik yig'ilishi bo'lib o'tmoqda. Tadbir doirasida AloqaBank xalqaro hamkorlar bilan qator muhim uchrashuvlarni o'tkazdi. Birinchi uchrashuv Bank Intesa SanPaolo (London Branch) vakillari bilan bo'lib o'tdi. Muloqot chog'ida O'zbekistonda yevroobligatsiyalar chiqarish tendensiyasi bo'yicha masalalar muhokama qilindi. Mazkur bank bilan bu birinchi muloqot emas — AloqaBank Intesa SanPaolo bilan uzoq muddatli va mustahkam munosabatlarni saqlab kelmoqda va ushbu uchrashuvda bu yana bir bor tasdiqlandi. Shuningdek, AloqaBank boshqaruvi raisi ishtirokida hamkorlikning asosiy yo'nalishlari muhokama qilindi. Ikkinchi uchrashuv Shveytsariyadagi investitsion kompaniya vakillari bo'lgan BK Trade Capital bilan bo'lib o'tdi. AloqaBank uchun Singapurdagi yirik investitsion kompaniya tomonidan kredit liniyasini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bugungi kunning yakuniy uchrashuvi mazkur yig’ilishning tashkilotchisi bo'lgan ОIIB vakillari bilan o'tkazildi. Uchrashuvda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, barqaror rivojlanish va "yashil" investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar ОIIB mezonlariga mos loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini o'rganish uchun taqdim etishga kelishib olishdi.