Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini nishonlash maqsadida bank xodimlari uchun badiiy davra suhbati o’tkazildi. Mirzo Ulug‘bek – buyuk qomusiy olim, astronom, matematik va davlat arbobi, o‘z davrining yetakchi ilmiy markazlaridan birini yaratgan buyuk shaxs. Uning ilmiy merosi asrlar davomida o‘rganilib, jahon ilm-fani rivojida katta ahamiyat kasb etgan. Shu bois, 2024-yilda uning 630 yillik tavalludi yurtimizda keng nishonlanmoqda. Mazkur sana munosabati bilan AloqaBankda ham badiiy davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi professorlari bank xodimlariga olimning ilmiy faoliyati, davlat arbobi sifatidagi xizmatlari va uning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida qimmatli ma'lumotlar berishdi. Shuningdek, mutaxassislar olimning astronomiya va matematika sohalaridagi buyuk yutuqlarini ta'kidlab uning Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasida olib borgan ilmiy ishlari haqida kengroq ma'lumot berishdi. Bugungi kunda, Mirzo Ulug‘bekning merosi zamonaviy jamiyat uchun ibrat bo‘lib xizmat qiladi va uning ilmiy asarlari hanuzgacha o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Uchrashuv yakunida bank rahbariyati shunday madaniy-ma'rifiy tadbirlarning davom ettirilishi, xodimlar o‘rtasida ma'rifatparvarlik ruhini shakllantirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish va tarixiy shaxslarimiz merosini qadrlashga xizmat qilishini ta'kidladi.