4 Noy 2024
AloqaBank rahbariyati tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va hududlardagi bizneslar muammolarini o‘rganish maqsadida Navoiy shahridagi "NAVOIY ISHONCH GILAMLARI" korxonasiga tashrif buyurdi. Bu tashrif mahalliy tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratish, korxonalarning faoliyatini rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etadi.
MChJ "NAVOIY ISHONCH GILAMLARI" o‘z faoliyatini to‘qimachilik va polimer sanoatida rivojlantirib, gilam va gilam uchun yelimlar, shuningdek, polietilen quvurlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ushbu mahsulotlar ichki bozorda talab katta bo‘lgan strategik ahamiyatga ega mahsulotlar sirasiga kiradi. Bank rahbariyati tashrifi davomida AloqaBank tomonidan ajratilgan kredit evaziga korxonaning faoliyati qanchalik o‘zgargani, uning kelgusidagi rejalari va mavjud qiyinchiliklar batafsil o‘rganildi.
AloqaBank tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilgan korxonada bir qator ijobiy natijalarga erishildi:
Ishlab chiqarish hajmi. Yangi uskunalar o‘rnatilishi natijasida gilam ishlab chiqarish quvvati yiliga 3,6 million kvadrat metrdan 5,0 million kvadrat metrgacha oshgan. Bu esa mahsulot hajmini ko‘paytirish orqali bozordagi talabni qondirishga xizmat qiladi.
Ish o‘rinlari sonini ko‘payishi. Korxonada ish o‘rinlari soni 217 nafardan 320 nafarga yetkazildi. Bu, o‘z navbatida, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish bilan bir qatorda, hududdagi iqtisodiy faoliyatga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Energiya tejamkorligi. Yangi uskunalar o‘rnatilishi natijasida 14,3 foizgacha elektr energiyasi tejamkorligiga erishildi. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirib, korxona rentabelligini oshiradi.
AloqaBankning bu kabi tashabbuslari mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilib, hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shadi.