6 Noy 2024
AloqaBank va Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) hamda yashil moliyalashtirish yo‘nalishida texnik ekspertiza o‘tkazish va qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash bo‘yicha texnik topshiriq imzoladi. Ushbu qadam AloqaBankning barqaror rivojlanish tamoyillariga bo‘lgan sodiqligini ifodalaydi.
Hamkorlikning birinchi bosqichida AloqaBank faoliyatining kompleks diagnostikasi o‘tkazilib, bankning ESG standartlarini joriy qilishga tayyorgarlik darajasi baholanadi. OTB mutaxassislari bankning xavfsizlik siyosatini tahlil qilib, yashil moliyalashtirish sohasidagi imkoniyat va ehtiyojlarini aniqlashtiradi, bu esa bankka ushbu sohada yangi standartlar va talablarga tayyorlanishga yordam beradi.
OTB ESG yo‘nalishini joriy qilish va yuqori darajadagi yashil moliyalashtirish bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqishda ko‘mak berib, AloqaBankning resurslarini ekologik rivojlanish va ijtimoiy mas’uliyatni ta’minlovchi loyihalarga yo‘naltirishga yordam beradi.
Mazkur hamkorlik AloqaBank uchun rivojlanishning muhim pog‘onasi bo‘lib, zamonaviy standartlarga moslashishga tayyor ekanligini ifodalaydi hamda kelajakdagi barqaror taraqqiyotga poydevor bo‘ladi.