AloqaBank tomonidan Qoraqolpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuv tashkil etildi. Bank rahbariyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu uchrashuvning bosh maqsadi — joylardagi ishbilarmonlik muhitini chuqurroq o‘rganish, tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bevosita eshitish va ular uchun aniq, amaliy yechimlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida uchrayotgan asosiy qiyinchiliklar, jumladan, kredit mablag‘laridan foydalanishdagi to‘siqlar, ta’minot va kafillikka qo‘yilayotgan talablar, imtiyozli moliyaviy mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlar haqida ochiq fikr almashishdi. AloqaBank mutaxassislari har bir murojaatni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, mavjud bank mahsulotlari va xizmatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berishdi.

Uchrashuv davomida faktoring xizmatlari alohida e’tiborga molik bo‘ldi. Mazkur xizmat, ayniqsa, mahsulotlarni muddatli sotish orqali ishlaydigan tadbirkorlar uchun moliyaviy oqimni uzluksiz saqlash, qarzdorlik xavfini kamaytirish va likvidlikni ta’minlashda muhim vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bank vakillari ushbu xizmatning qulayliklari va qo‘llash mexanizmlari bo‘yicha amaliy ma’lumotlar bilan berishdi.