Diversifikatsiya ishlab chiqarishda yuqori samaradorlikka erishish, iqtisodiy foyda olish, bankrotlikka barham berish va boshqa maqsadlarda amalga oshiriladi.
AloqaBankning kredit portfeli diversifikatsiyaga kirgan har bir sohani birma-bir ko‘rib chiqadigan bo‘lsak. Bu portfelda aktivlarni turli sohalarda samarali joy olganligini ko‘rishimiz mumkin. Demak, u sohalar quyidagilar:
1. Tekstil sanoati (20%)
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilgan izchil iqtisodiy islohotlar sabab, mazkur soha ham butunlay transformatsiya qilindi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari: paxta yetishtirishdan tortib to uni tayyor trikotaj mahsuloti holiga kelguncha ishlab chiqarish jarayonlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Shuningdek, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli, yengil sanoat sohasi iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirmoqda.
2. Qurilish sohasi (17%)
Yurtimizda qurilish sohasi milliy iqtisodiyotning muhim ustuvor tarmog‘i sifatida belgilangan bo‘lib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan jadal islohotlar sababli yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. Xususan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan muhim vazifalar “urbanizatsiya” siyosatini har qachongidan ham tezlashtirib yubordi. Yaqin kelajakda Toshkentdan tashqari yana bir nechta shahar million aholi istiqomat qiladigan shaharlarga aylanishi mumkin. Dunyo tajribasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, urbanizatsiya, albatta mamlakatimiz iqtisodiyotiga faqat ijobiy tarzda ta’sir o‘tkazadi. Shu asnoda AloqaBank tuman-shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan zamonaviy binolarning qad ko‘tarishiga, bunyodkorlik ishlariga o‘zining hissasini qo‘shmoqda.
3. Transport va lizing xizmati (14%)
AloqaBank kapitalining diversifikatsiya portfelida transport va lizing sohalari salmoqli o‘rinni egallaydi. Bank o‘z mijozlariga avtotransport vositalarini xarid qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun mablag‘ olish imkoniyatini bermoqda. Natijada bankning transport moliyalashtirilishi bozoridagi ulushini kengayishiga olib kelmoqda.
4. Savdo va xizmat ko‘rsatish (11%)
Mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim bo‘g‘inlaridan hisoblangan xizmatlar ko‘rsatish hamda savdo sohalari bugungi kunda shiddat bilan rivojlanmoqda. Mamlakat yalpi ichki mahsulotida xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi yildan yilga ortib bormoqda. Xizmat ko‘rsatish sohasi bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarning ortishi yangi ish o‘rinlarini ko‘payishi hamda aholimiz uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘layotganligidan dalolatdir. Savdo sohasidagi rivojlanish tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi bilan izohlanmoqda. Shu bilan bir qatorda, xususiy tadbirkorlik ham faol qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda.
5. Axborot-texnologiyalar (11%)
Sir emas, zamonaviy iqtisodiyotda innovatsion rivojlanish ulkan ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda AloqaBank ham davr talabiga monand ravishda axborot texnologiyalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Ushbu sohani ahamiyati bank kapitalining diversifikatsiya portelfida yetakchi tarmoqqa kirganligi bilan ham o‘z isbotini topmoqda. Aynan shu maqsadda AloqaBank sohadagi startaplarni faol qo‘llab-quvvatlab, 2021 yilda innovatsion va istiqbolli startap loyihalariga sarmoya kiritish uchun Venchur fond tashkil etdi. Axborot texnologiyalarini rivojlantirishga bunday faol yondashish AloqaBankning ilg‘or qarashlarini va uning raqamli davrda oldi qatorlarda qolish istagini aks ettiradi.
6. Sanoat ( tog‘-kon, energetika, yoqilg‘i, mebel va metallurgiya sohalari) (11%)
Tog‘-kon, energetika, yoqilg‘i, mebel va metallurgiya tarmoqlarini qamrab olgan sohalar AloqaBank kapitalining diversifikatsiya portfelida sezilarli o‘rinni egallaydi. Ushbu turli xil tarmoqlarni portfelda jamlanishi nafaqat bankni moliyaviy imkoniyatlarini mustahkamlashga olib keladi, balki mamlakatimizning industrial rivojlanishi uchun ulkan ahamiyat kasb etadi.
7. Oziq-ovqat mahsulotlari sanoati (7%)
Ta’kidlash kerakki, yurtimizning aholi soni oshib borishi bilan oziq-ovqat mahsulotalarini ishlab chiqarishga bo‘lgan ehtiyoj oshaveradi. Shu sababdan so‘nggi yillarda sohani rivojlantirishga oid muhim normativ-hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida esa aniq vazifalar belgilandi. Unda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, ichki bozorda aholi talabini ta’minlash va narxlar barqarorligini saqlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni iqtisodiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. AloqaBankning oziq-ovqat sanoatini moliyalashtirishdagi ishtiroki nafaqat ist’emolchilarning oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashiga hissa qo‘shishdir, balki shuning barobarida millat salomatligiga g‘amxo‘rlik qilishdir.
8. Qishloq xo‘jaligi (4%)
Joriy yilning o‘tgan davrida qishloq xo‘jaligi sohasi to‘liq transformatsiya qilinib, izchil islohotlar maydoniga aylanib bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, ushbu islohotlarda AloqaBank ham faol ishtirok etmoqda. Xususan mamlakatimizning qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishdagi ishtiroki tufayli soha infratuzilmasi tubdan rivojlanmoqda. Shuningdek, tarmoqning ishlab chiqarish darajasi hamda mahsulot sifati oshmoqda. Shu kungacha AloqaBank qishloq xo‘jaligi loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlab, sohani rivojlantirish uchun bel bog‘lagan tadbirkor hamda fermerlarni zarur resurslar bilan ta’minlab kelmoqda.
9. Tibbiyot va farmatsevtika (3%)
AloqaBank kapitalining diversifikatsiya portfelida tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlari muhim o‘rin tutadi. Bankning ushbu sohalardagi sa’y-harakatlari o‘laroq, millat salomatligi mustahkamlanyapti, zamonaviy tibbiy xizmatlar va dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda.