Yoshlar tashabbusiga ko‘mak – yangi ish o‘rinlari va muvaffaqiyatli biznes yo‘li

Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yoshlarning har bir g‘oyasi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalangan yoshlardan biri – Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida yashovchi Qodirjonov Muhammadholiq Qudratulla o‘g‘lidir. U Prezidentimizning PQ-62-sonli qarori doirasida AloqaBank tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘i asosida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirdi.

Yosh tadbirkor 50 million so‘m miqdoridagi kredit evaziga "Dahao" rusumidagi 12 boshli zamonaviy tikuv mashinasini xarid qilib, tikish-bichish yo‘nalishida “vishivka” xizmatlarini yo‘lga qo‘ydi. Eng quvonarlisi, u mazkur tashabbus orqali qo‘shimcha uch nafar yurtdoshimiz uchun ish o‘rni yaratishga ham erishdi.

Qodirjonov Muhammadholiqning ushbu faoliyati – yoshlarning davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi va mahalliy iqtisodiyotga hissa qo‘shayotganining yorqin namunasi hisoblanadi.