Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: muammolarni joyida hal qilish va moliyaviy imkoniyatlar bilan tanishtirishga qaratilgan tashabbus
2025-yil 21-may kuni AloqaBank rahbariyati tomonidan Farg‘ona viloyatida mahalliy tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu muloqotning asosiy maqsadi — tadbirkorlarning amaliy muammolarini joyida o‘rganish, murojaatlarini eshitish va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralarni belgilashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammolar, jumladan kredit olishdagi to‘siqlar, kafillik, ta’minot va imtiyozli shartlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha bevosita fikr bildirishdi. Bank mutaxassislari tomonidan bu masalalarga yechim sifatida mavjud moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Xususan, faktoring xizmatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazilib, ushbu xizmatning afzalliklari — likvidlikni tezkor oshirish, qarzdorlik xavfini kamaytirish va pul aylanmasini barqarorlashtirishdagi roli haqida tadbirkorlarga batafsil ma’lumot berildi.
“Yoshlar banki” konsepsiyasi, “Biznesga birinchi qadam” loyihasi hamda “Yoshlar tadbirkorligi” dasturi doirasida yoshlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar — jumladan, 100 million so‘mgacha mikroqarzlar — ularning shartlari, muddati va sug‘urta yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida rasmiylashtirilishi haqida ham batafsil axborot berildi.
Uchrashuv yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar joyida o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. AloqaBank ushbu uchrashuv orqali moliyaviy xizmatlar yordamida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.