Qorao‘zak tumanida ochiq muloqot: tadbirkorlik tashabbuslari amaliy yechimlar bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda

Qorao‘zak tumanining «Atamakon» mahallasida AloqaBank Boshqaruvi raisi o‘rinbosari ishtirokida aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Muloqot davomida mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holat, aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi biznes loyihalarini ishga tushirish hamda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirkorlarning yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflari bevosita joyiga chiqib o‘rganildi. Xususan, loyihalarning ishlab chiqarish salohiyati, moliyaviy ehtiyojlari, iqtisodiy samaradorligi, yaratiladigan ish o‘rinlari hamda mahalla aholisini, ayniqsa, kambag‘al oilalar vakillarini bandlikka jalb etish imkoniyatlari tahlil qilindi.

Jumladan, «Reyim Qurilis» MChJning «Atamakon» MFY hududida temir-beton buyumlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati 5 mlrd so‘mlik loyihasi joyiga chiqib o‘rganildi.

Mazkur loyihani AloqaBank tomonidan moliyalashtirish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 20 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilishi, shu jumladan, mahalladagi kambag‘al oilalarda yashovchi ishsiz fuqarolarni bandlikka jalb etish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bunday amaliy yondashuv mahallalarda yangi tadbirkorlik loyihalarini ishga tushirish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi, xususan, ehtiyojmand oilalar daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

d58086af-fa9f-4288-8396-8559347c9fd5 9362308d-0e96-4fcd-b927-e705bfc97a56 703dc949-b83c-45fa-8be9-c6ce0b4ad8c4 46ff5d18-fb84-4da6-8265-de731fbb6be9 7fb5efbc-ed80-4461-b6b9-206974ad220a58049ea0-0ff0-47c3-a676-fffbf25330d7