Mo‘ynoq tumanida ochiq muloqot: tadbirkorlik tashabbuslari va bandlik masalalariga amaliy yondashuv
Mo‘ynoq tumanining «Mo‘ynoq» mahallasida AloqaBank rahbariyati ishtirokida aholi va tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida hududdagi tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish, yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud faoliyat turlarini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda kengaytirish, nonvoyxona faoliyatini rivojlantirish uchun zarur uskunalarni xarid qilish va aylanma mablag‘larni shakllantirish, shuningdek, turizm yo‘nalishida yangi obyektlar tashkil etish bo‘yicha bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Bildirilgan murojaatlar joyida o‘rganilib, har bir tashabbusning amaliy imkoniyatlari, moliyalashtirish ehtiyoji, hudud iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasi hamda eng muhimi, yangi ish o‘rinlarini yaratish salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan taklif va tashabbuslarni tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur o‘rganish, moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish hamda istiqbolli loyihalarni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bunday ochiq muloqotlar orqali mahallalardagi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirishga qaratilgan amaliy choralar izchil davom ettirilmoqda.