Navoiyda tadbirkorlar muammolari o‘rganildi: Ekologiya ruxsatnomasi va 250 mln so‘mlik litsenziya to‘lovi diqqat markazida
Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularni qiynayotgan tizimli masalalarga yechim topish maqsadida navbatdagi o‘rganish hamda uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida quyidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi:
“Rubintechmet” MChJ (“Kimyogar” MFY): Korxona rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida metallni eritib qayta ishlash hamda turli tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish uchun Ekologiya organlaridan tegishli ruxsatnoma olishda amaliy yordam so‘raldi. Tadbirkorga huquqiy va tartibiy jihatdan zaruriy taklif hamda tavsiyalar berildi. Shuningdek, ushbu masala yechimini tezlashtirish maqsadida bank-kredit.uz/public/pages/appeals platformasi orqali tegishli taklif kiritildi va bu haqda korxona rahbari xabardor qilindi.
“Ferti C Linik” MChJ (“Bunyodkor” MFY): Mazkur korxonaga borildi va uning amaldagi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Muloqot chog‘ida klinika rahbari xususiy tibbiyot faoliyati uchun litsenziya to‘lovlari tizimidagi o‘zgarishlarni ta’kidladi. Xususan, ilgari umumiy to‘lov 8,0 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, amaldagi tartibga ko‘ra har bir faoliyat turi uchun alohida to‘lov belgilangani sababli jami miqdor 250,0 mln so‘mga yetgani bildirildi. Tadbirkor ushbu to‘lovlar miqdorini maqbullashtirish bo‘yicha amaliy ko‘mak so‘rab murojaat qildi. Mazkur muammo bo‘yicha ham tadbirkorga tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelayotgan bu kabi to‘siqlarni bartaraf etish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.