Joriy yilning 20-aprel kuni AT "Aloqabank" faoliyatiga Osiyo taraqqiyot banki (OTB) texnik ko'magida ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) standartlarini integratsiya qilish bo'yicha navbatdagi uchrashuv bo'lib o'tdi.
Tadbirda OTBning moliya sektori bo'yicha eksperti Endryu Makkartni boshchiligidagi delegatsiya hamda "Aloqabank" ishchi guruhi tomonidan istiqbolli hamkorlik doirasida loyihaning 1-fazasi muvaffaqiyatli yakunlanganini e'tirof etilib, erishilgan natijalar sarhisob qilindi.
Xususan, loyihaning 1-fazasi doirasida bankdagi mavjud ESG standartlarini barqaror moliyalashtirish yondashuvi asosida chuqur tahlil qilinib, xalqaro tajribalar atroflicha o'rganilgani qayd etildi. Ushbu tahlillar hamda Bank rivojlanishida manfaatdor tomonlar (aksiyadorlar, Kuzatuv kengashi a'zolari va yirik korporativ mijozlar) bilan o'tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida bank strategiyasi va rivojlanish maqsadlariga mos ravishda saralab olingan ustuvor yo'nalishlar asosida ESG strategiyasining dastlabki loyihasi ishlab chiqilgani hamda xodimlarning bilim va ko'nikmalarini oshirishga qaratilgan maxsus treninglar o'tkazilgani e'tirof etildi.
Mazkur uchrashuv doirasida loyihaning 2-fazasi uchun issiqxona gazlari emissiyasini baholash (GHG Footprint Assessment), Ekologik va ijtimoiy menejment tizimini ishlab chiqish va joriy etish (ESMS Development) hamda MHXS S1 va S2 (IFRS S1 va S2) xalqaro standartlarini amaliyotga tatbiq etish kabi ustuvor yo'nalishlar dastlabki tartibda belgilab olindi.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, ushbu loyihaning muvaffaqiyatli davom ettirilishi nafaqat bankning ichki ekspertlik salohiyatini oshiradi, balki AT "Aloqabank"ning zamonaviy moliya bozoridagi nufuzini yangi pog'onaga olib chiqadi. ESG strategiyasining bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi bankning uzoq muddatli barqarorligini ta'minlash va "yashil" iqtisodiyotga o'tish jarayonida ishonchli hamkor sifatida gavdalanishiga xizmat qiladi.

