AloqaVentures va Startup Garage hamkorligida tashkil etilgan “Startaplarga venchur investitsiya kiritish” o‘quv seminari startap ekotizimi, venchur investitsiyalar va bu yo‘nalishda yuzaga kelayotgan yangiliklarga qiziqqan ko‘plab ishtirokchilarni bir joyga jamladi. Seminarda sohaning yetakchi mutaxassislari, jumladan Startup Garage asoschisi Muhammad Halil, AloqaVentures rahbariyati, Sturgeon Capital boshqaruv direktori Alijon Ravshanov hamda Plug And Play sobiq loyiha menejeri Iskandar Qurbonov ishtirok etib, startaplar va venchur sarmoyalar haqidagi qimmatli bilimlarini ishtirokchilar bilan bo‘lishdilar. Seminarning birinchi qismida startaplarning an’anaviy biznesdan qanday farq qilishiga e’tibor qaratildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, startaplar tez o‘sish potensialiga ega bo‘lib, innovatsiyalar asosida shakllanadi va katta miqdordagi kapitalni talab qiladi. Bu esa ularni klassik korxonalardan ajratib turadi. An’anaviy bizneslar barqaror daromad olishga mo‘ljallangan bo‘lsa, startaplar o‘z faoliyatini rivojlantirish va yangi bozorlarni zabt etish uchun katta xavflarni o‘z ichiga oladi. Ushbu farqlar investorlar uchun startaplarga qiziqishni oshiradi, chunki ularning muvaffaqiyatli bo‘lishi investitsiyalarni katta daromad bilan qaytarishi mumkin.