Namangan viloyatida "Yoshlar shtabi" tashkil etildi. Ochilish marosimida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandlikni taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Viloyatda 14-30 yosh oralig‘idagi yoshlar soni 652 ming nafar bo‘lib, bu aholining 22,3 foizini tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 50 mingdan ziyod yoshlar qadam qo‘yadi. Yoshlar biznesini qo‘llab-quvvatlash maqsadida AloqaBank ixtisoslashtirilgan bank sifatida faoliyat yuritmoqda. Prezident qaroriga ko‘ra, bankka 200 million dollar ajratildi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli kreditlar taqdim etiladi. AloqaBank Namangan filialida respublikada birinchi bo‘lib "Yoshlar biznesi" dasturi amalga oshirilmoqda. Dastlabki natijalarga ko‘ra, 633 nafar yosh tadbirkorning 125,4 milliard so‘mlik loyihalari shakllantirildi. Ulardan 464 nafari "Biznesga birinchi qadam" dasturi doirasida imtiyozli kredit olishni rejalashtirmoqda.