O'zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishish yo'lida muhim qadamlardan biri bu davlat tilining rasmiy maqomga ega bo'lishidir. 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun asosida o‘zbek tili davlat tili sifatida tan olindi. Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida ham mustahkamlanib, davlat tilining maqomi qonuniy kafolatlandi: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”. Ona tili – millat ruhi, o‘zlikni anglash va birdamlik timsoli. Uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi. O‘zbek tili bayrami munosabati bilan AloqaBank hodimlari uchun madaniy uchrashuv tashkil etildi. Bu yilgi tadbirimizda ham ona tilimizning boy merosi, jozibasini ommaga etkazishda beqiyos hissa qo'shayotgan taniqli shaxslar ishtirok etdi: – Filologiya fanlari nomzodi, professor, “Antiqa dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi, dotsent va notiq – Rahimboy Matkarimovich Jumanyozov, – O’zbekiston va Ozarbayjon jurnalistlar uyushmasi a’zosi – Hamza Jumayev, – O’zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (telejurnalist va teleboshlovchi) – Muhabbat Xamroyevalar tashrif buyurishgan. Tadbir davomida ona tilimizning o‘ziga xos jihatlari, boyligi va jozibasini ulug‘lash, uni kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash borasidagi maqsad va vazifalar keng muhokama qilinib mehmonlarimizning chiqishlari tadbir ishtirokchilari uchun ona tilimizni yanada chuqurroq anglash va ardoqlashga chorladi.