AloqaBank Bosh ofisida Xitoy Taraqqiyot Banki (CDB) delegatsiyasi bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida tomonlar ikki bank o‘rtasidagi mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash, Xitoy tomonidan moliyalashtiriladigan yangi loyihalarni jadallashtirish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Xitoy Taraqqiyot Banki O‘zbekistonda infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. AloqaBank bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik esa bu jarayonda muhim bo‘g‘in bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlamoqda.
Muloqot davomida:
- Bugungi kungacha erishilgan yutuqlar sarhisob qilindi;
- Infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi;
- Yangi investitsiya tashabbuslarini birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini qo‘shma tarzda moliyalashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdilar. Ushbu bitimlar O‘zbekiston uchun sarmoya jalb etish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda Xitoyning ilg‘or texnologiyalari va tajribasini tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.