Ipoteka krediti uchun subsidiya!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-sonli Farmoni bilan 2026-yilda ipoteka kreditlarini ajratish va ular boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlangan.
Farmonning 14-bandiga muvofiq ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 16-martdan 1-dekabrga qadar qabul qilinadi. Shuningdek, ushbu farmon bilan subsidiya ajratiladigan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini baholash jarayoni Iqtisodiyot va moliya vazirligining “subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda inson omilisiz amalga oshirilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq: arizalar davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinishi; oʻrganib chiqish jarayonida oʻzlarining mavjud elektron maʼlumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan tizim orqali “subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimida avtomat tarzda ishtirok etuvchi tashkilotlar – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Soliq qoʻmitasi va ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu nizomga muvofiq ijtimoiy mezonlar asosida baholangan ariza beruvchi 30 va undan yuqori ball toʻplagan taqdirda, talabgor sifatida tan olinib, kvartira sotib olish uchun ipoteka krediti boʻyicha subsidiya olishga haqli deb hisoblanadi. Ariza beruvchining kredit tarixi kamida bitta ishtirok etuvchi tijorat bankining ichki talablariga muvofiq boʻlishi lozim. Bunda ishtirok etuvchi tijorat banklari ariza beruvchining kredit tarixi bank ichki qoidalariga muvofiqligini aniqlaydi. Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyaga arizalar qabul qilish jarayonlari joriy yili 16-mart kuni soat 14:00 da boshlandi.