Zamon bilan hamqadam, bilim bilan yetakchi!
AloqaBank Qo‘qon HKXKM tomonidan tashkil etilgan “ZOOMRAD” jamoasi yirik hududiy intellektual musobaqada yuqori natijalarga erishib, yana bir bor bilim, jamoaviylik va tafakkur kuchi bilan faxrli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari miqyosida 5 oy davomida o‘tkazilgan “Vodiy Quiz” intellektual o‘yinlarida turli soha vakillarining kuchli jamoalari ishtirok etdi. Ushbu o‘yinlar doirasida tashkil etilgan “Navro‘z ligasi” va “Kia-Cup” turnirlarida qatnashgan “ZOOMRAD” jamoasi a’lo darajadagi bilimi, tahliliy fikrlash va tezkor yechim topish qobiliyati bilan ajralib turdi.
Andijon shahrida bo‘lib o‘tgan final bosqichi bilimdonlar o‘rtasida murosasiz va qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘ldi. Natijada, 32 ta kuchli jamoa orasida eng yuqori ballni to‘plagan “ZOOMRAD” jamoasi ikkita turnir — “Navro‘z ligasi” va “Kia-Cup” chempioni deb e’tirof etildi.
Bu yutuq — nafaqat jamoa a’zolarining shaxsiy bilim salohiyati, balki AloqaBank tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning doimiy o‘sishga, izlanishga va o’z ustida ishlashga tayyorligini ham namoyon etadi. “ZOOMRAD” jamoasini chin yurakdan tabriklaymiz va barcha jamoa a’zolariga kelgusidagi bellashuvlarda ham muvaffaqiyatlar tilaymiz!