O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 14-fevralda tasdiqlangan "Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-62-sonli qaror doirasida yoshlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, startap va innovatsion loyihalarni rivojlantirish hamda kasb-hunar, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun keng imkoniyatlar yaratish belgilandi. Mazkur qaror doirasida yosh tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida AloqaBank yoshlar banki sifatida belgilandi. Bank yosh tadbirkorlar uchun maxsus moliyaviy xizmatlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini taklif qiladi. Yosh tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilning 4-martdan 27-martgacha Navoiy viloyatining barcha hududlarida seminar-treninglar tashkil etiladi. Tadbirlar doirasida yoshlar biznesni boshlash, moliyalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ladilar. Ushbu imkoniyatdan foydalaning va biznesingizni rivojlantiring! Tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar – AloqaBank rasmiy sahifalarida!