O‘zbekiston gender tengligi yo‘nalishidagi tashabbuslarni xalqaro maydonda faol targ‘ib qilmoqda. Samarqandda o‘tgan tadbir bu yo‘ldagi yangi bosqichdir

Samarqand, 4-noyabr 2025-yil – Silk Road Samarkand Xalqaro kongress markazida UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Gender tengligini ko‘p tomonlama hamkorlik orqali rivojlantirish” mavzusidagi maxsus tadbir bo‘lib o‘tdi. UNESCO va O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda ta’lim, fan, madaniyat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va jamiyatning boshqa sohalarida gender tengligini ta’minlash masalalari keng muhokama qilindi. Anjumanda davlat va nodavlat tashkilotlar bilan bir qatorda, moliya sektori, jumladan, AT “Aloqabank” vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirni UNESCO Bosh direktori Audrey Azoulay ochib berdi. UNESCO Gender tengligi bo‘limi direktori Begona Lasagabaster 2024–2025 yillardagi hisobotni taqdim etib, so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonda gender tengligi yo‘nalishida erishilgan yutuqlarni, xususan, qizlarning ta’lim tashkilotlariga kirish imkoniyatlarin kengaytirish va ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar izchil mustahkamlanayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova mamlakatda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan milliy dasturlar, qonunchilikdagi islohotlar va xalqaro hamkorlik loyihalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy ayollari va ular nomi bilan atalgan yodgorliklar haqidagi yangi kitob taqdimoti hamda gender tengligi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar aks etgan video-rolik namoyish etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar gender tengligini jamiyatning barcha qatlamlarida mustahkamlash, xususan, xususiy sektor, ta’lim muassasalari va mahalliy hamjamiyatlar ishtirokini kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Yakuniy sessiyada gender tengligi faqat davlat siyosati emas, balki har bir fuqaro, tashkilot va korxonaning kundalik faoliyatidagi mas’uliyati ekanligi qayd etildi. Tadbir ishtirokchilari ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, amaliy tavsiyalarni hayotga tatbiq etish va yangi loyihalarni boshlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir birinchi marotaba O‘zbekistonnig ko‘hna Samarqand shahrida bo‘lib o‘tganligi tarihiy voqea bo‘lib, Beijing deklaratsiyasining 30 yilligi munosabati bilan gender tengligi yo‘lidagi global yutuqlar va qiyinchiliklarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi.