Nodirbek Abdusattorov Chexiyada o‘tayotgan “Prague Masters” turnirida asosiy ta’qibchisi Parxam Maxsudluga (Eron) qarshi qiyin bahsda g‘alaba qozondi va musobaqa yakuniga bir tur qolganida muddatidan oldin chempion bo‘ldi. Turnir yakunlanishiga yana bir tur bor, ammo so‘nggi 9-turda natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar hamyurtimiz chempionlikni saqlab qoladi. Bundan tashqari, Abdusattorov LIVE reytingi bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Ding Lirenni ortda qoldirdi va u 2765,5 reyting bilan 4-o‘ringa joylashdi. Nodirbek Abdusattorovni mana shunday chiroyli g‘alaba bilan tabriklaymiz!