Bank-moliya sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratish, institutsional boshqaruvni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Shu munosabat bilan, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida tijorat banklarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash bo'yicha Maslahat kengashlari vakillari uchun joriy yilning 22-24 aprel kunlari maxsus seminar bo'lib o'tdi. Mazkur nufuzli tadbirda AT "Aloqabank" Maslahat kengashi a'zolari ham faol ishtirok etdilar.
Seminarda Oliy Majlis Senati, Markaziy bank hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashib, bank tizimida gender tenglik tamoyillarini ilgari surish bo'yicha o'z fikr va tavsiyalari bilan o'rtoqlashdilar.
Tadbirda asosiy e'tibor bank tizimida xotin-qizlarning boshqaruvdagi rolini kuchaytirish hamda tijorat banklari huzuridagi Maslahat kengashlari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratildi. Maslahat kengashlari vakillari uch kunlik trening va muhokamalar davomida quyidagi dolzarb mavzularda faol ishtirok etdilar:
- institutsional boshqaruv: ish joylarida gender tenglikni ta'minlashning huquqiy va uslubiy asoslarini mustahkamlash.
- kadrlar salohiyati: xotin-qizlarning kasbiy bilimlarini oshirish va ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash tizimini takomillashtirish.
- qulay mehnat muhiti: xodimlar uchun teng imkoniyatlar yaratish va mehnat sharoitlarini xalqaro tajriba asosida yaxshilash.
- monitoring va baholash: gender ko'rsatkichlarini doimiy kuzatib borish va hisobot yuritishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish.
Seminar doirasida ilgari surilgan xalqaro va milliy ilg'or tajribalar AT "Aloqabank"da gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning boshqaruvdagi ishtirokini kengaytirish hamda ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan mavjud yondashuvlarni yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.