AT “Aloqabank”da korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “Sirli mijoz” usulida baholash o‘tkazildi

Mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, xizmat ko‘rsatish standartlariga rioya etilishini baholash hamda mijozlar tajribasini takomillashtirish maqsadida AT “Aloqabank” tizimida tashqi konsalting tashkiloti ishtirokida “Sirli mijoz” tadqiqoti o‘tkazildi.

Tadqiqot doirasida bankning turli hududiy bo‘linmalarida 90 ta tashrif amalga oshirildi. Baholash jarayoni kredit va karta mahsulotlari bo‘yicha maslahat berish sifati, xizmat ko‘rsatish standartlariga rioya qilinishi, xodimlarning mahsulotlar bo‘yicha bilim darajasi hamda umumiy mijozlar tajribasini qamrab oldi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, bank xodimlari tomonidan xizmat ko‘rsatish madaniyati va muomala etikasi yuqori darajada namoyon etilgani qayd etildi. Xususan, mijozlar bilan muloqotda xushmuomalalik, ijobiy munosabat va xizmat ko‘rsatishning asosiy standartlariga amal qilinishi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi.

Tadqiqot davomida eng yuqori natijalarni Baxtmol, Uchko‘prik, Mirzo Ulug‘bek, Gurlan, Osiyo va Keles bo‘linmalari qayd etgan bo‘lsa, ayrim bo‘linmalarda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligi aniqlandi.

Shu bilan birga, tadqiqot natijalari mijoz ehtiyojlarini aniqlash, mahsulotlar bo‘yicha to‘liq va sifatli maslahat berish, qo‘shimcha bank xizmatlarini taklif qilish hamda konsultatsiyani samarali yakunlash yo‘nalishlarida rivojlanish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatdi.

Olingan xulosalar asosida bank tizimida qo‘shimcha o‘quv dasturlarini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish standartlarini yanada takomillashtirish va barcha bo‘linmalarda yagona yuqori sifat darajasini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

AT “Aloqabank” mijozlarga qulay, shaffof va sifatli bank xizmatlarini taqdim etish, mijozlar fikrini muntazam o‘rganish hamda xizmat ko‘rsatish madaniyatini doimiy ravishda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.