“Aloqabank” tomonidan yoshlar va xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, intellektual salohiyatni rivojlantirish hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi bilan hamkorlikda shaxmat musobaqalari tashkil etildi.
Mazkur tadbirda bank xodimlari hamda ularning farzandlari faol ishtirok etib, o‘zlarining mantiqiy fikrlash, strategik rejalashtirish va intellektual salohiyatlarini namoyon etdilar. Musobaqalar do‘stona va yuqori raqobat ruhida o‘tdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish, halollik tamoyillariga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga bag‘ishlangan targ‘ibot-tashviqot ishlari ham olib borildi. Xodimlar va ularning farzandlariga halollik, adolat va qonuniylik qadriyatlarining ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Aloqabank” kelgusida ham yoshlar va xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, intellektual salohiyatni oshirish hamda korrupsiyaga qarshi madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarni izchil davom ettiradi.