2026 yilning 9 oyi davomida “ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida AT “Aloqabank”ga yuklatilgan topshiriqlarning bajarilishi va yil yakuniga qadar bajarilishi belgilangan topshiriqlar bo‘yicha umumiy MA’LUMOT

2026 yilning o‘tgan 9 oyi davomida “ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida AT “Aloqabank”ga yuklatilgan topshiriqlarning bajarilishi hamda 2026 yil yakuniga qadar ijro etilishi belgilangan topshiriqlar bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.

2026 yil 1 yanvardan 30 sentyabrgacha bo‘lgan davrda Bankka O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jami 102 ta hujjati doirasida 429 ta topshiriq yuklatilgan bo‘lib, ularning barchasi belgilangan muddatlarda va to‘liq ijro etilgan holda nazoratdan olindi.

Xususan, mazkur topshiriqlarning 114 tasi Farmonlar, 203 tasi qarorlar, 1 tasi farmoyish hamda 111 tasi yig‘ilish bayonlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Topshiriqlarning 167 tasida (38,9 foiz) Bank asosiy ijrochi sifatida belgilangan bo‘lib, bu Bankning davlat boshqaruv tizimidagi faol institutsional ishtirokini ko‘rsatadi.

Taqqoslama tahlillarga ko‘ra, 2025 yil yanvar–sentyabr oylari davomida Bankka jami 331 ta topshiriq yuklatilgan bo‘lsa, 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida esa mazkur ko‘rsatkich 429 taga yetgan, ya’ni topshiriqlar hajmi 1,3 barobarga, foiz hisobida esa 30 foizga oshgan. Bu holat Bankning Davlat dasturlari va islohotlar doirasidagi mas’uliyati sezilarli darajada ortib borayotganini anglatadi.

Shu bilan birga, 2024–2025 yillar kesimida ham topshiriqlar sonida yuqori o‘sish sur’atlari (ayrim yo‘nalishlarda 158–690 foiz) kuzatilgani mazkur tendensiyaning barqarorligini tasdiqlaydi.

Prezident Administratsiyasi rahbarining 10 ta rezolyutsiyalari doirasida Bank ishtirok etgan 28 ta topshiriq ham to‘liq ijro etilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 11 ta qarorida belgilangan 27 ta topshiriq ham o‘z vaqtida va sifatli bajarilib, nazoratdan olingan. Bu esa Bankda ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha samarali monitoring va nazorat mexanizmlari yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, 2026 yil yakuniga qadar bajarilishi belgilangan vazifalar tahliliga ko‘ra, Bankka O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 95 ta hujjati doirasida jami 339 ta topshiriq yuklatilgan.

Ushbu topshiriqlarning 84 tasi Farmonlar, 181 tasi qarorlar va 74 tasi yig‘ilish bayonlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, yil yakuniga qadar jami topshiriqlarning 96 tasida (28,3 foiz) Bank birinchi ijrochi sifatida belgilangan.

Prezident Administratsiyasi rahbarining rezolyutsiyalari doirasidagi 1 ta topshiriq, Vazirlar Mahkamasining qarorlaridagi 14 ta topshiriqdan 8 tasida (57,1 foiz) Bank asosiy ijrochi sifatida ishtirok etmoqda.

Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, quyidagi asosiy xulosalarni qayd etish mumkin:

  • topshiriqlar hajmi yildan-yilga o‘sib, institutsional yuklama ortib bormoqda;
  • Bankning asosiy ijrochi sifatidagi ishtirok ulushi yuqori bo‘lib, uning strategik ahamiyati mustahkamlanmoqda;
  • Bankning davlat va hukumat topshiriqlarini amalga oshirishdagi mas’uliyati va roli yuqori darajada ekanligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–117-son Farmoni talablariga muvofiq, “AloqaBank” rahbariyati tomonidan har chorakda qonunchilik hujjatlari ijrosi holati yuzasidan jamoatchilikka ochiq va shaffof hisobot taqdim etib borish amaliyoti davom ettiriladi.

E’tiboringiz uchun rahmat.