AT “Aloqabank” Boshqaruv raisining Bank jamoasiga va mijozlariga murojaati

Hurmatli hamkasblar va qadrli mijozlarimiz.

Mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlar yildan-yilga o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Bu o‘rinda, Davlatimiz Rahbari juda yuqori siyosiy iroda ko‘rsatib, ushbu illatga qarshi kurashish masalasini ta’bir joiz bo‘lsa “yo hayot, yo mamot” ekanligini qayta-qayta ta’kidlab kelmoqda.

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Parlamentga qilgan Murojaatnomasida “Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid, korrupsiyaga yoʻl qoʻyish esa – islohotlarimizga xiyonatdir” - deya alohida ta’kidlagani ham, ushbu illatning davlatchiligimizga naqadar xavfli ekanligini ko‘rsatadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatining harakatlantiruvchi kuchi sifatida hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi o‘laroq, Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘lgan alohida va mustaqil Komplayens nazorat tuzilmasi tashkil etildi.

Bank raqamlashtirish va sun'iy intellektni biznes jarayonlarda keng joriy etish orqali inson omilini cheklash, korrupsion holatlarning oldini olish va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik, shaffoflik tamoyillari asosida faoliyat olib borish, xodimlarning halollik va etik tamoyillarga sodiqligini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgilagan.

“Mobile Banking” tizimini keng joriy etish, raqamlashtirish va sun'iy intellekt yo`li bilan masofaviy xizmat ko`rsatish pirovard maqsadlarimizdan biri hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, yuqoridagi holatlar bilan bog‘liq bo‘lgan takliflar, arizalar yoki shikoyatlari bo‘lgan har bir mijozimiz va xodimni AT “Aloqabank”ning aloqa kanallari orqali xabar berishga chaqiramiz.

AT “Aloqabank” xodimi degan yuksak sharafli maqom egasi sifatida korrupsiyaviy jinoyatlarning oqibatlari bilan emas, uni keltirib chiqaruvchi sabab, shart-sharoitlariga qarshi kurashish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda barchaga ko‘maklashishga tayyor bo‘lishimiz lozim.

Xulosa sifatida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, kelajak avlodga korrupsiyadan holi sohani qoldirishda Bankimizning xodimlari va mijozlari o‘zlarining barcha resurslarini – kuch-g‘ayratini, imkoniyatlarini, kasbiy hamda intellektual salohiyatini safarbar etadi, deb ishonaman!

Kuch-adolat, jipslik va halollikda!

Boshqaruv raisi,

Kammuna Irisbekova