«AloqaBank»ning Xalqaro Fitch Reytingidagi o'rni "ijobiy"ga o'zgardi

«AloqaBank» ATB xalqaro moliya bozorida o‘z mavqeyini mustahkamlashda davom etmoqda. Nufuzli Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi bankning uzoq muddatli emitent defolti reytingini "BB" darajasida tasdiqladi va uning kutilmasini (prognozini) «Barqaror»dan «Ijobiy»ga («Positive») o‘zgartirdi. Ushbu ijobiy o‘zgarish O‘zbekiston suveren reytingi kutilmasining yaxshilangani hamda davlat tomonidan bankka ko‘rsatilayotgan kuchli moliya va kapital ko‘magi bilan bevosita bog‘liqdir.

Fitch qanday reyting va unda kimlar ishtirok etadi?

Fitch Ratings — moliya dunyosidagi «Katta uchlik»ka kiruvchi eng nufuzli xalqaro kredit reyting agentliklaridan biridir. Unda butun dunyo bo‘ylab davlatlar (suverenlar), banklar, sug‘urta kompaniyalari, yirik korporatsiyalar va xalqaro tashkilotlar ishtirok etadi. Reyting mustaqil tashqi baho bo‘lib, investorlar uchun muassasaning ishonchlilik ko‘zgusi hisoblanadi.

Reyting nimalarga asosan baholanadi?

Agentlik banklarni baholashda quyidagi asosiy mezonlarga tayanadi:

Hukumat ko‘magi: Davlatning bankni favqulodda vaziyatlarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ehtimoli va qobiliyati (ayniqsa, aksiyalari davlatga tegishli banklar uchun).

Moliyaviy barqarorlik: Aktivlar sifati, kapital yetarliligi va rentabellik darajasi.

Likvidlik va resurslar bazasi: Bankning o‘z majburiyatlari va jalb qilingan omonatlarni oz vaqtida qaytara olish quvvati.

Boshqaruv sifati va strategiya: Korporativ boshqaruv tizimi va xavf-xatarlarni (risk) jilovlash strategiyasi.

"BB" darajasi va «Ijobiy» kutilma nimani anglatadi?

"BB" darajasi: Bu spekulyativ (o‘rtacha) toifadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, bankning kredit riski o‘rtacha va nazorat ostida ekanligini, joriy moliyaviy majburiyatlarini to‘liq bajarishga qodirligini anglatadi. O‘zbekiston sharoitida bu milliy bank tizimi uchun juda yuqori va barqaror ko‘rsatkich hisoblanadi.

«Ijobiy» (Positive) kutilma: Yaqin istiqbolda (odatda 12–18 oy ichida) bankning reytingi yanada yuqoriga ko‘tarilishi ehtimoli juda katta ekanligidan dalolat beradi.