Опубликовано на Aloqabank (http://aloqabank.uz)

Banklar faoliyatiga qo’yiladigan minimal talablar va 2021 yil 23 martdagi PF-6191-sonli Farmon bo'yicha onlayn seminar o’tkazildi!

 

 

 

 

 

2021 yil 04 iyun kuni soat 16:00 da ZOOM dasturi orqali bank xodimlari ishtirokida “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o’zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo’yiladigan minimal talablar to’g’risida”gi Nizomga kiritilgan o’zgartirishlar va O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 23 martdagi PF-6191-sonli Farmoni yuzasidan onlayn seminar o’tkazildi.

 

“Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o’zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo’yiladigan minimal talablar to’g’risida”gi Nizom 2018 yil 2 iyul kuni 3030-son bilan O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan ro’yxatga olingan. Mazkur Nizom bank mijozlarining huquqlarini lozim darajada himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu hujjatda bank va mijoz o’rtasida ro’y beradigan hamda ro’y berishi mumkin bo’lgan barcha munosabatlar tartibga solingan bo’lib, 2021 yil 14 yanvar kuni 3030-sonli Nizomga bir necha o’zgartirishlar kiritilgan.

            Kiritilgan o’zgartirishlarga ko’ra, bank o’z mijozlariga ko’rsatadigan xizmatlari bo’yicha barcha ma’lumotlarni taqdim qilishi shart. Masalan, mijoz bank omonati xizmatidan foydalanish niyatini bildirsa, unga shartnoma tuzishdan oldin omonat turi, muddati, eng kam miqdori, yillik mukofot foizi, qo’shimcha bitim tuzmagan holda omonat muddatini uzaytirish shartlari, omonatni to’ldirish imkoniyati, omonatni to’liq yoki qisman muddatidan oldin qaytarib olish shartlari bo’yicha asosiy summa va foizli daromadlarni to’lab berish tartibi, omonatga qo’shimcha mablag’ kiritish imkoniyati, bank omonati shartnomasi bo’yicha nazarda tutilgan bank va iste’molchining huquq, majburiyatlari, ularning javobgarliklari to’g’risida ma’lumot olish huquqiga ega. Bank omonati shartnomasini tuzishdan oldin mijoz shartnoma nusxasini olib batafsil o’rganishga haqli. Bundan tashqari, fuqarolarning bankdagi omonatlari O’zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to’g’risida»gi Qonuniga muvofiq kafolatlanganligi to’g’risida ma’lumot bank omonati shartnomasida aks ettirilgan bo’lishi shart.

            Bankimiz tomonidan iste’molchilar bilan o’zaro munosabatlarni amalga oshirishda aniq tartib va qo’llanmalar ko’rsatilgan bo’lib, shu jumladan mijozlar bilan muloqotga kirishish, ehtiyojlarini aniqlash, mahsulot/xizmatni taqdim etish, takliflar shakllantirish, e’tirozlar bilan ishlash va muloqot jarayonida bank xodimlarining xulq-atvori va kasbiy odob-axloq qoidalarini nazarda tutuvchi bank ichki me’yoriy hujjatlari va mijozlarga xizmat ko’rsatish standartlari mavjud bo’lib, barcha bank xodimlari mazkur qoidalarga amal qilishi shart.

 

O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 23 martdagi PF-6191-sonli Farmoniga ko’ra, 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat xizmatini ko’rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo’yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.

Shuningdek, mazkur sanadan davlat organlari, xo’jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlaridan so’rash bekor qilingan hujjatlar ro’yxati shakllantirilgan.

Xususan, joriy yil 1 maydan boshlab xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat boji to’lovini elektron tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish imkonini yaratish, 1 iyundan boshlab 16 yoshga to’lgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni davlat soliq xizmati organlarida soliq to’lovchi sifatida hisobga qo’yish hamda fuqaroni jamg’arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo’yish bilan bir vaqtning o’zida amalga oshirish tizimini joriy etish belgilangan.

Shu bilan birga, Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat ro’yxatidan o’tkazish bo’yicha yagona vakolatli organ hisoblanishi, davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bog’dorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xo’jaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat ro’yxatidan o’tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi va shu kabi boshqa masalalar belgilab qo’yilgan.