Yangi jamoa shartnomasi bo’yicha onlayn seminar o’tkazildi!

2021 yil 20 may kuni soat 16:00 da ZOOM dasturi orqali bank xodimlari ishtirokida Bankning yangi jamoa shartnomasi mazmun-mohiyatiga bag’ishlangan huquqiy savodxonlik soati, ya’ni onlayn seminar o’tkazildi.

O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 29-moddasiga ko’ra, Jamoa shartnomasi — korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o’rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatdir.

Mazkur Kodeksning 4-moddasiga ko’ra, xodimlar uchun mehnat huquqlarining va kafolatlarining eng past darajasi qonunlar bilan belgilab qo’yiladi.

Qonunlardagiga nisbatan qo’shimcha mehnat huquqlari va kafolatlari boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan shartnoma yo’sinidagi hujjatlar (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar), shuningdek xodim va ish beruvchi o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin.

Bunga ko’ra, AT «Aloqabank» va AT «Aloqabank» kasaba uyushmasi qo’mitasi o’rtasida 2021-2023 yillarga tuzilgan Yagona jamoa shartnomasining qisqacha mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Shu bilan birga, unga kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalar ma’lum qilindi va izoh berib o’tildi. Jumladan,

-Ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda, Kasaba uyushmasi qo’mitasining oldindan roziligi qay holatlarda olinishi yoki olinmasligi ko’zda tutilgan.

- Bankda mijozlarga xizmat ko’rsatish uzluksizligini ta’minlash maqsadida ayrim xodimlarga tushlik vaqti navbatma-navbat jadval (grafik) asosida boshqa vaqtga belgilanishi mumkin.

- Korruptsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korruptsiyaga qarshi kurashishga boshqacha tarzda ko’maklashgan xodimlar rag’batlantiriladi.

- Xodim o’z mehnat vazifalarini muntazam buzib kelgan bo’lsa yoki bir marta qo’pol ravishda buzgan bo’lsa, mehnat shartnomasi Ichki mehnat tartibi qoidalariga muvofiq hamda mazkur Jamoa shartnomasida belgilangan tartibda Ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinadi.

- Xodimlarning arizasi va tegishli hujjatlar asosida Ish beruvchi mablag’i hisobidan bir yo’la beriladigan moddiy yordam pulining miqdori o’zgartirilgan.

- Ish beruvchi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiy tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida»gi PF-5969-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o’z zimmasiga olgan majburiyatlar yoritilgan.

-O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi  «Sog’lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PF-6099-sonli Farmoniga asosan sport tadbirlarini muntazam tashkil etilishini yo’lga qo’yish maqsadida sog’lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan «Sport targ’ibotchisi» xodimiga qo’shimcha vazifa yuklanadi va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilanadi.

- Xodimlar va ularning oila a’zolari o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish maqsadida Kasaba uyushmasi qo’mitasi bilan birgalikda ish vaqtidan so’ng tanlangan kunlarda rahbar va barcha xodimlarning jismoniy tarbiya va sport mashg’ulotlari (yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqalar) bilan shug’ullanishini tashkil qilish, mehnat jamoasida xodimlar gimnastikasini tizimli joriy etish to’g’risida qo’shimcha kichik bandlar kiritildi.

- Mehnat jamoasida «Ustoz-shogird» tizimini joriy etish. Bunda ishlayotgan ta’lim muassasasi talabalariga hamda ta’lim muassasasini tamomlagandan keyin birinchi marta ishga qabul qilingan xodimlarga bir yil davomida tajribali xodimni ustoz sifatida biriktirish, ustoz xodimlar bir martalik O’zbekiston Respublikasida belgilangan mehnatga haq to’lashning eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida rag’batlantirilishi mumkin.

- Uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tili davrining davomiyligi yuzasidan xodimlarning toifasiga ko’ra ish kuni soni belgilangan.

- Bankda asosiy ishidan tashqari jamoat ishlari bilan shug’ullanayotgan yoshlar vakili etib saylangan xodimning lavozim maoshi (tarif stavkasi)ga har oyda  qo’shimcha to’lov o’rnatilishi mumkin.

Seminar yakunida ishtirokchilarning qiziqtirgan savollari va takliflari atroflicha o’rganib chiqilib muhokama qilindi.

21-05-2021

Sayt materiallaridan to`liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt www.aloqabank.uz manzili ko`rsatilishi shart.